Respublika bo‘yicha haftaning katta qismida quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda
24.01.2022
Dam olish kunlari sovuq va nam havo massalarining kirib kelishidan so‘ng bugun ertalab O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli ob-havo o‘rnashdi.
Bugun va keyingi ikki kun davomida respublikaning barcha hududlarida biroz shamol bilan asosan kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Biroq, Qozog‘iston hududlaridan bizga kirib kelgan sovuq antisiklon mamlakatimiz hududini tark etishga shoshilmayapti. Kechalari va ertalabki soatlarda 0-3° sovuq, ba’zi joylarda 5° sovuqqacha atrofida bo‘lgan biroz manfiy harorat saqlanib turadi. Kunduz kunlari quyosh nurlari havoni isitadi, ammo harorat 5-8° iliqdan oshmaydi. Shimolda kechalari 6-9° sovuq, kunduz kunlari 3° sovuq-2° iliq bo‘ladi.
Haftaning ikkinchi yarmida havo biroz isiydi, respublika hududining katta qismida harorat kechalari 0-5° iliq, kunduz kunlari 8-10° iliq, ba’zi joylarda 12° iliqqacha atrofida bo‘ladi.
Juma kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida (Farg‘ona vodiysidan tashqari) yomg‘ir yog‘adi, shimolda va respublikaning tog‘li hududlarida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.