IYUL OYIDA O‘ZBEKISTON AHOLISINI QANDAY OB-HAVO KUTMOQDA

IYUL OYIDA O‘ZBEKISTON AHOLISINI QANDAY OB-HAVO KUTMOQDA

30.06.2022

IYUL OYIDA O‘ZBEKISTON AHOLISINI QANDAY OB-HAVO KUTMOQDA

Joriy yilning iyun oyi oxirida O‘zbekiston aholisi kuchli issiqning birinchi to‘lqinini boshdan kechirdi. 25 iyundan boshlab maksimal havo harorati kundan-kunga oshib bordi.

27-28 iyun kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 29 iyunda hududlarning katta qismida issiq maksimal darajaga yetdi. Ushbu kunlarda termometr ustuni kunning ikkini yarimida 40-42° gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 44-46° gacha ko‘tarildi. Qizilqumning ayrim hududlarida havo harorati 47° ga yetdi, bu meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yuqori iyun oyi qiymatlariga yaqinlashdi. Xorazm viloyatida, Qoraqalpog‘istonning, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarining ayrim tumanlarida iyun oyi uchun maksimal havo harorati bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatildi.

30 iyunda respublika hududining katta qismida haroratning biroz pasayishi boshlandi va u 1 iyul kunida ham davom etadi. 2-3 iyul kunlari hududning katta qismida harorat yana 40-41° gacha ko‘tariladi. Janubning eng chekka qismida ushbu kunlarda harorat 42-45° oralig‘ida barqaror bo‘ladi.

Keyingi kunlarda esa bizni nisbatan salqin havo kutmoqda. 3 iyulda shimoliy hududlarda, 4-5 iyul kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha havo harorati yoz fasli uchun 30-33° bo‘lgan qulay qiymatlargacha pasayadi, so‘ng bir necha kun davomida 34-37°, janubda 38-40° atrofidagacha bo‘lishi saqlanib turadi.

Iyul oyining ikkinchi va uchinchi  dekadasida harorat asosan 35-38° atrofida bo‘lishi, ayrim kunlari ba’zi joylarda 40-42° gacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Iyul oyida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam, faqat tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda 2-4 kun qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.